● Sayt sinov rejimida işlamoqda

26 harf tarixda qoldi: Mirziyoyev 28 harfli alifboni imzoladi

Özbekiston yangi alifboga ötadi: 28 harf va tutuq belgisidan iborat lotin yozuvi haqidagi qonun Özbek tili bayrami kuni imzolandi.

Prezident Şavkat Mirziyoyev 21-oktabr kuni lotin yozuviga asoslangan özbek alifbosini takomillaştiriş haqidagi qonunni imzoladi. Bu haqda Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva maʼlum qildi. Hujjatga köra, 26 harf va uçta harf birikmasidan iborat amaldagi alifbo örniga 28 harf (ulardan törttasi diakritik belgili) hamda tutuq belgisidan (') tarkib topgan yangi alifbo joriy etiladi. Qonun rasman eʼlon qilinganidan olti oy ötib kuçga kiradi. Saida Mirziyoyevaning taʼkidlaşiça, imzo 21-oktabr — Özbek tili bayrami kuniga töğri kelgani «çuqur ramziy maʼno» kasb etadi, takomillaştirilgan alifbo esa yoşlar savodxonligini oşirişga va özbek tilining nufuzini mustahkamlaşga xizmat qiladi.

Yangi qonun 1993-yilda qabul qilingan "Lotin yozuviga asoslangan özbek alifbosini joriy etiş töğrisida"gi qonunga özgartiriş kiritadi. Hujjat iyul boşida Qonunçilik palatasida uçala öqişdan ötgan, sentabrda esa Senat tomonidan maʼqullangan. Saida Mirziyoyeva yangi alifbo «köp yillik tarixiy xato»ni tuzatiş imkonini berganini aytdi va alifboni takomillaştiriş taşabbusini 2023-yil dekabrida jadidlar merosiga bağişlangan konferensiyada ilgari surganini eslatdi. Uning eʼtirofiça, «özgarişlar hamişa oson kekmaydi», islohot yuzasidan eʼtiroz va xavotirlar bölişi tabiiy. Biroq yangi alifboga ötiş «yozuvimizdagi kamçiliklarni bartaraf etiş va ona tilining raqamli makondagi mavqeini mustahkamlaş»ning yagona yöli bölgan.

«Endi barça hujjatlarni almaştirişga töğri keladimi? Aslo yöq. Biz xarajatlarni imkon qadar kamaytiriş yölini tanladik: amaldagi barça hujjatlar, milliy valyuta va qimmatli qoğozlar öz kuçini saqlaydi, darsliklar, lavhalar va körsatkiçlar esa xizmat muddati tugaşiga qarab bosqiçma-bosqiç almaştiriladi», — dedi Saida Mirziyoyeva.