● Sayt sinov rejimida işlamoqda

Eron–AQŞ muzokaralari nega barbod bölaveradi

Ikki tomon örtasidagi diplomatik boşi berk köça bandlar tafsilotidan emas, köp yillardan beri AQŞ–Eron munosabatlarini boşqarib kelayotgan sindromdan kelib çiqadi.

Uruş boşlanganidan beri Qöşma Ştatlar va Eron örtasida bir neça muzokara taşabbusi böldi. Ulardan faqat bittasi — 18 iyunda Islomobodda imzolangan özaro anglaşuv memorandumi — yakuniga yetkazildi, biroq u ham bir neça kun içida barbod böldi.

Keng tarqalgan tahlillar bu muvaffaqiyatsizlikni köproq bandlar tafsilotlari bilan izohlaydi. Uşbu maqola esa boşqa asosdan kelib çiqadi: ikki tomon örtasidagi diplomatik boşi berk köça köp yillardan beri AQŞ–Eron munosabatlarini boşqarib kelayotgan sindrom bilan belgilanadi.

Xalqaro munosabatlarda siyosiy ong va xotirada iz qoldiradigan çuqur inqirozlar natijasida psixologik sindromlar paydo bölişi mumkin. Ular davlatlar örtasidagi yaqinlaşuv va muzokara harakatlariga tösqinlik qilişi ehtimoli bor.

Eron va AQŞ misolida bu sindrom ikki kompleksdan iborat: Vaşington 1979 yilda Tehrondagi AQŞ elçixonasi qamal qilingani sabab orttirgan kompleks hamda Tehron AQŞning tarixiy duşmanligi va uning 2018 yilda Eron yadro kelişuvidan çiqib ketişi sabab orttirgan kompleks.

Ikki davlat örtasidagi uzilişning ildizlari 1953 yil avgustiga borib taqaladi. Öşanda AQŞ va Britaniya razvedka idoralari 1951 yilda neft sanoatini milliylaştirgan Muhammad Musaddiqning millatparvar hukumatini ağdarişga yordam bergan edi. Öşandan beri Eron ongida bir tasavvur mustahkam örnaşib qolgan: Vaşington Tehronda mustaqil hukumat bölişini qabul qilmaydi va u öz manfaatlariga zid iş tutsa, uning işiga putur yetkazişga tayyor.

Şu nuqtai nazardan, Vaşingtonning 1979 yil oktyabrida öz xalqi tomonidan endigina ağdarilgan Şoh Rizo Pahlaviyni davolaniş uçun qabul qiliş haqidagi qarori inqilobiy Tehronda ikkinçi davlat töntarişining deboçasi sifatida talqin qilindi.

Öşa yili 4 noyabrda eronlik talabalar AQŞ elçixonasiga bostirib kirib, 52 nafar amerikalikni 444 kun davomida garovda uşlab turdi. Ikki davlat örtasidagi diplomatik munosabatlar uzildi va bugungaça tiklangani yöq.

Eron talqinida bu voqea inqilobni himoya qiliş sifatida tasvirlansa, Amerika ongida u Eronni xalqaro me'yorlarni hurmat qilmaydigan, söziga işonib bölmaydigan va xatti-harakati rağbatlantirilmasligi kerak bölgan davlat sifatida gavdalantirdi.

Bu — elçixona qamali kompleksi. Gap voqeaning özida emas, balki uning AQŞda qaror qabul qiliş jarayonida paydo qilgan norasmiy qoidasida: avval Eron yon berişi, uning yon bergani tekşirib tasdiqlanişi va şundan keyingina u evaziga biror narsa olişi lozim.

Eron kompleksi ham şu tarix ta'sirida şakllangan, biroq u 2018 yil mayida eng yuqori nuqtasiga çiqdi: öşanda AQŞ Prezidenti Donald Tramp "Xalqaro atom energiyasi agentligi" (MAGATE) Tehron "Birgalikdagi keng qamrovli harakatlar rejasi"ga (JCPOA) rioya qilayotganini tasdiqlaganiga qaramay, undan çiqib ketdi.

Oradan bor-yöği ikki hafta ötib, AQŞ Davlat kotibi Mayk Pompeo yangi kelişuv uçun 12 ta talabni e'lon qildi, ulardan faqat törttasi yadro masalasiga oid edi. Yettitasi Eronning Livan, Falastin, Iroq, Yaman, Suriya, Afğoniston va Fors körfazidagi mintaqaviy xatti-harakatiga taalluqli edi. Boşqaça aytganda, Vaşington mavjud kelişuvni bekor qiliş bilan çeklanmay, kelajakdagi har qanday kelişuv uçun şartlar çegarasini ham kötardi.

2025 yil iyunida tugun yanada çigallaşdi: Masqatda bilvosita muzokaralarning yangi bosqiçi rejalaştirilgan bir paytda AQŞ "Ön ikki kunlik uruş"da iştirok etib, Fordo, Natanz va Isfahondagi yadro inşootlariga zarba berdi. Vaşingtonning hozirgi uruşda isroil bilan birga qatnaşişi esa bu jarayonni eng çekka nuqtasiga yetkazdi.

Natijada Eron ongida Amerika imzosi heç narsani kafolatlamaydi, har qanday kelişuv ma'muriyat almaşişi bilan bekor qilinişi mumkin, qolaversa, muzokaraning özi uruşga muqobil emas, balki uning niqobi bölişi mumkin, degan işonç mustahkam örnaşdi.

Bu Eronda qaror qabul qiliş jarayonida quyidagi norasmiy qoidani yuzaga keltirdi: majburiy kafolatlarsiz heç qanday qadam qöyilmaydi, bosim olib taşlanmagunça heç qanday yon berilmaydi.

Şunday qilib, ikki kompleks qarama-qarşi qutblarda turadi: birinçisi Amerikaning javob qadamidan oldin Eron harakat qilişini talab qilsa, ikkinçisi Eron harakatidan oldin Amerika kafolatini talab qiladi.

Sönggi muzokara taşabbuslari tahlili şuni körsatadiki, AQŞning har bir taşabbusida elçixona qamali kompleksining izi bor. Mart oyida ilgari surilgan 15 bandlik reja Natanz, Isfahon va Fordo inşootlarini tugatişni, uran boyitişni töxtatişni, Eron raketa dasturini töxtatib turişni va ittifoqçilaridan voz keçişni talab qilgan, buning evaziga esa sanksiyalarni keyinroq bekor qiliş va'da qilingan edi.

Oq uy elçilari Stiv Uitkoff va Jared Kuşner tayyorlagan may loyihasi Eronning muzlatilgan mablağlarini böşatişni avvalo boyitişni töxtatib turiş bilan boğlagan. Sentyabrdagi Amerika javobida ham muzokaralar davom etgan butun davr mobaynida boyitişni muzlatiş va inspektorlarni kiritiş şart qilib qöyilgan.

Eron taşabbuslarida ham JCPOAdan çiqiş kompleksining izi doimiy. Mart oxiridagi beş bandlik javobda uruş takrorlanmasligi kafolati talab qilingan. Aprelda ilgari surilgan 10 band har qanday kelişuvni bekor qilinişdan himoya qiluvçi BMT Xavfsizlik Kengaşining majburiy rezolyutsiyasini talab qilgan. May oyidagi 14 band esa isroilni ham qamrab oluvçi hujum qilmaslik majburiyatini talab qilgan.

Şu bilan birga, Tehron ötgan oy taklif qilgan yetti kunlik reja sanksiyalar va Eronga nisbatan AQŞ dengiz blokadasi oltinçi kuni Hormuz böğozi oçilişidan oldin bekor qilinişini, yettinçi kuni esa yadro muzokaralari boşlanişini nazarda tutgan. Eron taşabbuslarida özgarmay qolayotgan narsa şu: kafolat harakatdan, bosimning olib taşlanişi esa Eron yon berişidan oldin turadi.

Bu taşabbuslarning barçasi ikki kompleks örtasidagi muloqot böldi: har bir tomon öz matnini qarşi tomon bilan murosaga boriş uçun emas, balki u bilan boğliq tarixiy tajribasi takrorlanişidan özini himoya qiliş uçun tuzgan. Mazmundagi tafovut qisqargani, ammo işonçdagi tafovut qisqarmagani şu bilan izohlanişi mumkin.

Islomobod memorandumi qoidani tasdiqlovçi istisno böldi: u kelişuvga eng yaqin kelingan lahza edi, çunki ikki tomonni ham asosiy xavotirlari böyiça xotirjam qiladigan tarzda işlab çiqilgan edi. Vaşingtonni xotirjam qiliş uçun unda Eronning boyitilgan uran zaxirasini suyultiriş közda tutilgan, sanksiyalarni bekor qiliş va mablağlarni muzlatişdan çiqariş esa Eron majburiyatlarini bajarişiga boğlangan edi.

Tehronni xotirjam qiliş uçun esa memorandumda harbiy harakatlarni töxtatiş, özaro suverenitetni hurmat qiliş, ijroni nazorat qiliş mexanizmi va yakuniy kelişuvni BMT Xavfsizlik Kengaşi ma'qullaşi nazarda tutilgan edi. Ballistik raketalar esa matnda umuman tilga olinmagan.

Ammo bu kelişuv uzoqqa bormadi. Tehron Livanda öt oçişni töxtatiş rejimi yöqligi sababli muzokaralarning Jeneva bosqiçida iştirok etişni töxtatdi — bu talab martdan beri Eronning har bir taşabbusida izçil qöyib kelingan edi. Eron talqiniga köra, Vaşingtonning isroilni jilovlay olmagani Amerika imzosi yetarli emasligini tasdiqladi. JCPOAdan çiqiş kompleksi darhol işga tuşdi va ikki tomon yana boşlanğiç nuqtaga qaytdi.

Sentyabr oxiriga kelib, nizo mazmundan qadamlar ketma-ketligiga uzil-kesil köçgandek körindi. Endi bahs qadamlarning mazmuni emas, balki ularning tartibi atrofida keçmoqda, e'lon qilingan maqsad esa iyun memorandumining takomillaştirilgan nusxasiga qaytişdan iborat bölib qoldi.

Bu yerda ikki kompleks eng yaqqol körinişda namoyon böladi: Vaşington Eronga işonmagani uçun avval Hormuz böğozi oçilişini va boyitiş muzlatilişini istaydi, Tehron esa AQŞga işonmagani uçun avval dengiz blokadasi olib taşlanişini xohlaydi.

Pompeoning 2018 yilgi şartlarini 2026 yil iyunidagi memorandum bilan soliştiriş şuni körsatadiki, AQŞ talablari Eronning mintaqaviy rolini qayta belgilaşdan yadro masalasi va Hormuz böğozi bilan çeklanişgaça çekingan. Eron talablari esa Vaşington tölaşi kerak bölgan tovon örniga boşqa tomonlar moliyalaştiradigan şartli investitsiya fondiga ötgan.

Boşqaça aytganda, ikki tomon örtasidagi mazmuniy tafovut ança qisqardi — sakkiz yil oldin buni tasavvur qilib ham bölmas edi.

Biroq ikki kompleks susaygani yöq; aksinça, uruş tufayli ular yanada çuqurlaşgan bölişi mumkin. Har bir kompleks ikkinçisini oziqlantirib, oxir-oqibat ikkalasi yagona sindromga aylandi, diplomatik boşi berk köça esa ötkinçi holatdan barqaror tuzilmaga aylandi.

Şu sababli qadamlar ketma-ketligining har qanday yangi formulasi, qançalik puxta bölmasin, ikkala kompleksni bir vaqtda hal qilmasa, bu boşi berk köçadan çiqara olmaydi. Buning uçun esa harakatni ham, javob harakatini ham bir vaqtning özida kafolatlay oladigan uçinçi tomon kerak.